Toshkentda kriptoaktivlar bilan noqonuniy savdo qilganlar ushlandi
Yashnobod tumanida 64 mln USDTdan ortiq noqonuniy kriptoaktiv savdosida gumon qilingan uch fuqaro ushlandi. Jinoyat ishi qoʻzgʻatildi.

Toshkent shahar IIBB xabar berishicha, ushlanganlardan olib qoʻyilgan qurilmalar yordamida 64 mln USDTdan ortiq, yaʼni 768 mlrd 380 mln soʻmlik kriptoaktiv operatsiyalari oʻtkazilgan.
Idora versiyasiga koʻra, uch fuqaro xorijiy valyutani kriptoaktivlarga konvertatsiya qilgan va boshqa moliyaviy operatsiyalarni ham amalga oshirgan. Gumonlanuvchilardan biri pullar Qozogʻiston va Qirgʻizistondagi tadbirkorlardan kelganini aytgan. Ikkinchisi esa ular har bir operatsiya uchun 80–100 dollar olganini bildirgan.
Jinoyat ishi Jinoyat kodeksining kriptoaktivlar muomalasi sohasidagi qonunchilikni buzish haqidagi 278-8-moddasi boʻyicha qoʻzgʻatilgan. Tergov davom etmoqda.





