Oʻzbekiston va Ummon sanoat kooperatsiyasini kengaytirishga kelishdi
Oʻzbekiston va Ummon komissiyaning oltinchi yigʻilishida sanoat kooperatsiyasini kengaytirish, qoʻshma ishlab chiqarishlar va investitsiyaviy hamkorlikni muhokama qildi.

Muzokaralar 15 noyabr kuni Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Ummonga davlat tashrifi doirasida Maskatda boʻlib oʻtdi. Yigʻilishga Oʻzbekiston investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri hamda Ummon savdo, sanoat va investitsiyalarni ragʻbatlantirish vaziri hamraislik qildi. Unda Oʻzbekiston Sanoat kooperatsiyasi va davlat xaridlari agentligi direktori ham ishtirok etdi.
Tomonlar savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy aloqalarni kengaytirish, qoʻshma ishlab chiqarishlarni yoʻlga qoʻyish hamda ikki mamlakat korxonalari oʻrtasidagi hamkorlikni koʻrib chiqdi. Istiqbolli yoʻnalishlar sifatida energetika, sanoat, geologiya, qurilish, qishloq xoʻjaligi va raqamli texnologiyalar qayd etildi. Ishtirokchilar Oʻzbekiston–Ummon investitsiya kompaniyasi faoliyatini yanada rivojlantirish masalasini ham muhokama qildi.
Oʻzaro savdo hajmini oshirish va Oʻzbekiston mahsulotlarini yetkazib berish geografiyasini kengaytirishga alohida eʼtibor qaratildi. Tomonlar yangi bozorlarga chiqish uchun Ummonning logistika infratuzilmasi va portlaridan foydalanish imkoniyatlarini koʻrib chiqdi. Shuningdek, savdodagi texnik toʻsiqlarni bartaraf etish va bojxona tartib-taomillarini soddalashtirish masalalari muhokama qilindi.
Yigʻilish yakunida tomonlar protokolni imzoladi. Hukumatlararo komissiyaning navbatdagi yigʻilishini Oʻzbekistonda oʻtkazishga kelishib olindi.





