Intel 18A-P texjarayoni boʻyicha chiplar ishlab chiqarish uchun birinchi tashqi buyurtmachi bilan kelishuv imzoladi
Intel 18A texjarayoni boʻyicha chiplar ishlab chiqarish uchun birinchi tashqi mijoz bilan kelishuv imzoladi, biroq uning nomini oshkor qilmadi. Buyurtmachi 18A-Pʼning takomillashtirilgan versiyasini tanlagan.

Kelishuv haqida Intel bosh direktori Lip-Bu Tan maʼlum qildi. Uning aytishicha, 18A texnologiyasi boʻyicha ishlab chiqarish allaqachon yoʻlga qoʻyilgan, biroq mijoz nomi aytilmagan. Intelʼning texnik rahbari Pushkar Ranade buyurtmachi 18A-P versiyasini tanlaganini, ushbu texnologiya boʻyicha sinov ishlab chiqarishi iyun oyida boshlanganini aniqlashtirdi.
Avvalroq Intelʼning Apple bilan ehtimoliy kelishuvi haqida xabarlar paydo boʻlgan edi. Shuningdek, buyurtmachi Nvidia yoki yirik bulutli xizmatlar provayderlaridan biri boʻlishi mumkinligi haqida taxminlar bildirilgan. Amazon, Microsoft va Google sunʼiy intellekt tezlatkichlarini TSMC ishlab chiqarish quvvatlarida tayyorlatadi. U yerda buyurtmalar koʻpligi sababli ishlab chiqarish resurslari yetishmayapti.
Intel muvaffaqiyatsizliklar va yaroqli kristallar chiqishi bilan bogʻliq muammolardan soʻng shartnoma asosidagi ishlab chiqarishni rivojlantirishga besh yildan beri urinmoqda. Shu paytgacha boʻlinma asosan kompaniyaning oʻzi uchun chiplar ishlab chiqargan. Tanning prognoziga koʻra, server protsessorlarining jahon bozori yaqin besh yil ichida besh baravar oʻsib, 200 milliard dollarga yetadi, biroq Intel hozircha mijozlar talabini qondira olmayapti. Chiplarni ilgʻor qadoqlash sohasida esa kompaniyaning birinchi buyurtmachisi Microsoft boʻldi.





