Trump AQSh uchun Nvidiaʼdagi ulushni sotib olishga hali kech boʻlmagan boʻlishi mumkinligini aytdi
AQSh prezidenti Donald Trump AQSh hukumati Nvidiaʼdagi ulushni sotib olish masalasini koʻrib chiqqanini, biroq hozircha bu taklifni ilgari surmaganini aytdi.

Trump chiplar ishlab chiqaruvchi kompaniyadagi ulushni sotib olish gʻoyasi xayoliga kelganini aytib, «Ehtimol, hali kech emas», deya qoʻshimcha qildi. U ehtimoliy investitsiya hajmi va uning shartlarini maʼlum qilmadi.
Bu bayonot Jensen Huang Nvidia bosh direktori lavozimiga qaytganidan keyin yangradi. Trump bu qarorni qoʻllab-quvvatlaganini va kompaniya direktorlar kengashi bilan shaxsan gaplashganini aytmoqda. Huang dushanba kuni, lavozimidan ketganidan ikki haftaga ham yetmay, kompaniya boshqaruviga qaytdi.
Nvidiaʼga sarmoya kiritish gʻoyasi AQSh maʼmuriyatining texnologik va strategik sohalardagi boshqa qadamlariga oʻxshaydi. 2025-yil avgustida hukumat Intelʼga $8,9 mlrd investitsiya kiritish va kompaniya aksiyalarining qariyb 10 foizini olish boʻyicha kelishuvga erishdi. Shuningdek, rasmiylar yaponlarning Nippon Steel kompaniyasi US Steelʼni sotib olishiga rozilik berilgan paytda US Steelʼning «oltin aksiyasi»ni oldi, MP Materials, Lithium Americas va Trilogy Metals kompaniyalariga sarmoya kiritdi hamda Westinghouse bilan strategik hamkorlikni yoʻlga qoʻydi.





