Shavkat Mirziyoyev Iordaniyaga safari chogʻida nabirasi uchun xat yozdi
Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Iordaniyaga safari chogʻida nabirasi Shavkatbekka xat yozdi. U tez-tez safarga chiqish sabablarini tushuntirdi, bolalik yillarini yodga oldi va mamlakat bolalariga maslahatlar berdi.

Xat yozilishiga nabirasining savoli sabab boʻldi: u bobosi joʻnab ketishidan oldin nega tez-tez uzoq joylarga safar qilishini soʻragan. Mirziyoyev safarlari Oʻzbekistonning millionlab bolalari kelajagi uchun masʼuliyat bilan bogʻliq ekanini yozdi.
«Azizim, seni qanchalik qattiq sevishimni bilasan. Ammo taqdir mening zimmamga shunday masʼuliyat yukladiki, men nafaqat sening, balki Oʻzbekistondagi senga oʻxshagan millionlab bolalarning kelajagi haqida oʻylashim va qaygʻurishim kerak», — deyiladi maktubda.
Prezident bolaligida kattalar bilan birga ishlaganini aytdi: yozning jazirama kunlarida gʻoʻzaga ishlov bergan, sovuqda esa paxta tergan. Uning soʻzlariga koʻra, maktabda oʻqigan oʻn yilining qariyb yarmini dalada oʻtkazgan. Mirziyoyev, shuningdek, prezident lavozimiga kirishganidan soʻng ustuvor vazifalardan biri bolalarni paxta dalalaridan maktab partalariga qaytarish boʻlganini taʼkidladi.
Maktubda u barcha gʻoya va tashabbuslarni amalga oshirish uchun vaqti yetmasligini, shu sababli kamroq uxlash va koʻproq ishlashiga toʻgʻri kelayotganini aytdi. Prezident nabirasiga yaxshi oʻqishni, xorijiy tillarni oʻrganishni, qobiliyatlarini rivojlantirishni va vaqtni behuda sarflamasdan qadrlashni maslahat berdi. U gadjetlar va sunʼiy intellektdan foydali foydalanishga, biroq ularga qaram boʻlib qolmaslikka chaqirdi, muvaffaqiyatsizliklarga esa saboq olish imkoniyati sifatida qarash kerakligini aytdi.
Maktub yakunida Mirziyoyev xorijiy safarlari chogʻida oilasi va Oʻzbekistonni sogʻinishini yozdi. U murojaati faqat nabirasiga qaratilmaganini, maslahatlari mamlakatdagi barcha bolalarga atalganini taʼkidladi.





