Jastin Timberleyk Apple TV hujjatli serialida janjallar va shaxsiy hayoti haqida soʻzlaydi
Apple TV striming xizmati amerikalik xonanda Jastin Timberleykning hayoti va faoliyatiga bagʻishlangan toʻrt qismli hujjatli loyiha treylerini taqdim etdi. Sanʼatkor tarjimai holidagi murakkab davrlar, shov-shuvli janjallar va jahon miqyosidagi shuhrat sari oʻttiz yillik yoʻli haqida ilk bor batafsil soʻzlaydi.

Loyihaga Devid Bekxem haqidagi hujjatli seriali bilan tanilgan Fisher Stivens rejissyorlik qildi. Serialga avval eʼlon qilinmagan arxiv materiallari hamda musiqachining yaqinlari va hamkasblari bilan intervyular kiritiladi.
Loyiha ishtirokchilari orasida xonandaning rafiqasi Jessika Bil, prodyuser Farrell Uilyams, Timbalend, sanʼatkorning onasi Linn Xarless va “Saturday Night Live” shousi yaratuvchisi Lorn Maykls bor.
Serialda, shuningdek, Timberleykning Britni Spirs bilan munosabatlari, 2004 yilda Super Bowlʼdagi Jannet Jekson bilan bogʻliq janjalli chiqishi hamda xonandaning 2024 yilda mast holda avtomobil boshqargani uchun hibsga olinishi haqida soʻz yuritiladi.
Dastlabki ikki qism 2026 yil 11 dekabrda, uchinchi qism 18 dekabrda, yakuniy epizod esa 23 dekabrda chiqadi.





