Ferrari ekstremal gibridsiz 296 uchun Challenge Stradale nomini qaytardi
Ferrari gibrid tizimisiz yoʻlga moʻljallangan 296 Challenge Stradale va poyga uchun 296 Challenge Evoʻni taqdim etdi. Stradale 670 ot kuchiga ega, Evo 2027 yilgi mavsumda debyut qiladi.

Ferrari 296 Challenge Stradale va 296 Challenge Evo modellarini Barselonadagi Ferrari mavsumining final bosqichida taqdim etdi. Birinchi model umumiy foydalanishdagi yoʻllar uchun yaratilgan boʻlib, poyga avtomobili ruhini oʻzida mujassam etgan: uning kuch qurilmasi elektr motori va tortish batareyasisiz ishlaydi, orqa gʻildiraklarini esa ikki muftali sakkiz pogʻonali uzatmalar qutisi harakatga keltiradi.
Stradale asosida hajmi 2 992 sm³ boʻlgan benzinli twin-turbo V6 dvigateli yotadi. Dvigatel 8 000 aylanish/daqiqada 670 ot kuchi ishlab chiqaradi. Avtomobilning quruq ogʻirligi 1 330 kg, qoʻzgʻalmas orqa qanot, splitter va toʻliq yopiq tubdan iborat aerodinamik majmua esa 250 km/soat tezlikda 617 kg pastga bosish kuchini hosil qiladi.
296 Challenge Evo Ferrari Challenge poyga seriyasi uchun moʻljallangan. Unda xuddi shu gibridsiz V6 dvigateli oʻrnatilgan, biroq quvvati 700 ot kuchigacha oshirilgan, uzatmalar qutisi esa yetti pogʻonali. Avtomobil uchun aerodinamika va elektron boshqaruv tizimlari qayta ishlangan, qanotni sozlash diapazoni kengaytirilgan hamda qarshilik kuchi minimal boʻlishi muhim boʻlgan trassalar uchun Low Drag rejimi qoʻshilgan.
Ferrari maʼlumotlariga koʻra, Evo poyga masofasida avvalgi modeldan tezroq va barqarorroq boʻldi. 2027 yilgi mavsumda Ferrari Challenge seriyasiga 40 daqiqalik uchta chidamlilik poygasi ham qoʻshiladi, yangi avtomobil esa chempionatda ilk bor Mugellodagi bosqichda qatnashadi.





