Intel 18A texnologik jarayonida yaroqli kristallar chiqishini 70 foizgacha oshirdi
Intel 18A texnologik jarayonida yaroqli kristallar chiqishi 70 foizga yetganini maʼlum qildi. Microsoft kompaniyaning server Xeon protsessorlari uchun ishlab chiqarish quvvatlarini bir necha yilga band qiladi.

Intel 18A texnologik jarayonida yaroqli kristallar chiqishi oshgani va Microsoft bilan uzoq muddatli kelishuv tuzilganini eʼlon qildi. TomorrowX konferensiyasida Intel bosh ijrochi direktori Lip-Bu Tan kompaniyaga kelganidan soʻng bu koʻrsatkich nihoyatda past darajadan 70 foizgacha oshganini aytdi.
18A texnologik jarayoni 1,8 nm sinfiga kiradi. Undan Panther Lake nomli Core Ultra 300 seriyali protsessorlarning hisoblash kristallari, shuningdek, Clearwater Forest nomli server Xeon 6+ protsessorlarini ishlab chiqarishda foydalaniladi. Ushbu chiplar koʻp kristalli komponovka va Foveros Direct uch oʻlchamli yigʻish texnologiyasi asosida yaratiladi.
Kelishuvga koʻra, Microsoft Intelʼning ishlab chiqarish quvvatlarini server Xeon protsessorlari, jumladan, kelajakdagi Diamond Rapids protsessorlari uchun band qiladi. Kompaniya, shuningdek, EMIB qadoqlash texnologiyasidan oʻzining yarimoʻtkazgich yechimlarida foydalanish niyatini ochiq tasdiqlagan birinchi buyurtmachi boʻladi. Ushbu texnologiya alohida kristallarni bitta korpusga birlashtiradi.
Intel va Microsoft EMIB yordamida qaysi chiplar, qaysi texnologik jarayon asosida ishlab chiqarilishini, shuningdek, ishlab chiqarish hajmlari va muddatlarini oshkor qilmadi. Kelishuv Microsoftʼning 18A texnologik jarayonidan oʻz server yechimlari uchun foydalanish boʻyicha avvalgi rejalari bilan bogʻliq yoki yoʻqligi nomaʼlum.





