Tadqiqot: keng qoʻllanadigan dorilar ichak mikrobiomini yillar davomida oʻzgartirishi mumkin
2 500 dan ortiq kishi qatnashgan tadqiqot koʻplab dorilar qabul toʻxtatilganidan yillar oʻtib ham ichak mikrobiomida iz qoldirishini koʻrsatdi.

Tartu universiteti Genomika instituti olimlari Estonian Microbiome eston kohortasi ishtirokchilarining najas namunalari va buyurilgan dorilar tarixini solishtirdi. Oʻrganilgan dorilarning aksariyati ichak bakteriyalari tarkibidagi farqlar bilan bogʻliq boʻldi.
Avvalgi davolash izlari dorilar bekor qilingach yillar davomida saqlangan. Oʻzgarishlar antibiotiklardan tashqari antidepressantlar, beta-blokatorlar, proton pompasi ingibitorlari va benzodiazepinlar qoʻllanganda ham kuzatilgan.
Benzodiazepinlarning mikrobiomga taʼsiri keng taʼsirli antibiotiklarnikiga qiyoslanadigan darajada boʻlgan. Bir sinfdagi dorilar ham turlicha taʼsir qilgan: oʻxshash holatlarda qoʻllanadigan diazepam va alprazolam ichak bakteriyalariga taʼsir kuchi bilan farqlangan.
Qoʻshimcha tahlilda kichik guruh ishtirokchilarining davolashni boshlash yoki toʻxtatishdan oldingi va keyingi mikrobiomi solishtirildi. Bu oʻzgarishlarni dorilar bilan bogʻlashga qoʻshimcha asos berdi. Uzoq muddatli taʼsir proton pompasi ingibitorlari, selektiv serotoninni qayta qabul qilish ingibitorlari va ayrim antibiotiklar kabi bir nechta toifada tasdiqlandi.
Mualliflar tadqiqot bu oʻzgarishlarning zarari yoki muayyan kasalliklar bilan bogʻliqligini isbotlamasligini taʼkidladi. Ularning fikricha, mikrobiom tadqiqotlarida dorilarni qabul qilish tarixini hisobga olish kerak.





