Antarktidada qariyb 1,5 mln yillik eng qadimgi muzdan namuna olishga urinib koʻriladi
Rossiyalik olimlar Antarktidada quduq burgʻilab, yoshi qariyb 1,5 mln yil boʻlgan muz namunalarini olishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Arktika va Antarktika ilmiy-tadqiqot instituti (AANII) direktori Aleksandr Makarov maʼlum qildi.

Ishlar Rossiyaning 72-Antarktika ekspeditsiyasi doirasida, «Vostok» stansiyasidan qariyb 300 km uzoqlikda amalga oshiriladi. Dastlab tadqiqotchilar chuqurligi 100 metrgacha boʻlgan quduqni burgʻilashni rejalashtirmoqda. Namunalar «B gumbazi»da kelajakda yanada chuqurroq burgʻilash uchun mos joyni aniqlashga yordam berishi kerak.
Makarovning soʻzlariga koʻra, avval «Vostok» stansiyasida yoshi 1 mln yildan oshgan muz kernlari olingan. Biroq qatlamlar buzilgani sababli ular iqlim rekonstruksiyalari uchun toʻliq mos kelmaydi: taxminan 420–450 ming yil avvalgi davr qatlamlari darajasida muzda saqlangan signal buziladi.
Olimlar yanada qadimiy, uzluksiz qatlamlarni oʻrganmoqchi. Chunki hozir atmosferadagi karbonat angidrid konsentratsiyasi avvalgi 800 ming yil — 1 mln yil davridagi koʻrsatkichlardan sezilarli darajada yuqori. Kutilishicha, bunday maʼlumotlar sayyora tarixidan iqlimi hozirgi iliq davrga oʻxshash boʻlgan bosqichni topish va iqlimda yuz berishi mumkin boʻlgan oʻzgarishlarni oʻrganishga yordam beradi.
Ekspeditsiya dasturi jami tabiiy muhit, okean, muz, geofizika, geologiya, mikrobiologiya hamda insonning ekstremal sharoitlarga moslashuvi boʻyicha tadqiqotlarni oʻz ichiga oladi. Shuningdek, «Akademik Fyodorov» kemasi bortidan turib suv massalarining harakati, iliq chuqur suvlarning tarqalishi va okeanning atmosfera hamda dengiz muzi bilan oʻzaro taʼsirini oʻrganish rejalashtirilmoqda.





