Vulcan raketasi Amazon Leoʻning 40 ta sunʼiy yoʻldoshini orbitaga chiqara olmadi
ULA Vulcan Centaur uchirilganidan 10 daqiqa oʻtib, nosozlik yuz berganini maʼlum qildi.

Uchirish 15 noyabr kuni Florida shtatidagi Kanaveral burnida joylashgan 41-start majmuasidan amalga oshirildi. ULA hozircha yuz bergan hodisa sabablariga oid maʼlumotga ega emasligini bildirdi. Dastlabki maʼlumotlarga koʻra, qattiq yoqilgʻili tezlatkichlar meʼyorida ishlagan, muammo esa parvozning boshqa bosqichida yuzaga kelgan.
Bu uchirish dastur toʻxtatilganidan keyin Vulcan Centaur parvozlarining qayta boshlanishi boʻlishi kerak edi. Atlas V oʻrnini egallagan raketada avval qattiq yoqilgʻili tezlatkichlar soplolari bilan bogʻliq nosozliklar kuzatilgan. Shunga qaramay, oʻsha paytda foydali yuk belgilangan orbitalarga yetkazilgan.
Vulcan raketalarini uchirish AQSh Kosmik kuchlarini tez-tez yuz bergan nosozliklar xavotirga solganidan keyin toʻxtatilgan edi. ULA nosozliklarning yuzaga kelishi mumkin boʻlgan sabablarini bartaraf etish uchun soplo konstruksiyasi va ishlab chiqarish jarayonlarini oʻzgartirganini maʼlum qilgan.
Yoʻqolgan apparatlar SpaceXʼning Starlink tizimiga raqobatchi boʻlishi kerak boʻlgan Amazon Leo guruhiga moʻljallangan edi. Umuman, Amazon 3200 ta sunʼiy yoʻldoshni orbitaga chiqarishni rejalashtirmoqda. Bungacha kompaniya Atlas V, SpaceX Falcon 9 va Arianespace Ariane 6 raketalari yordamida kosmosga qariyb 400 ta apparat yuborgan.





