Oʻzbekiston dual taʼlimni joriy etishda Germaniya tajribasini oʻrganmoqda
Andijon davlat tibbiyot institutida nazariy taʼlimni korxonalardagi amaliyot bilan uygʻunlashtirgan holda mutaxassislar tayyorlashga bagʻishlangan xalqaro konferensiya boʻlib oʻtdi.

Oʻzbekiston va Germaniyadagi oliy taʼlim muassasalari, davlat tashkilotlari hamda korxonalar vakillari dual taʼlimni rivojlantirish istiqbollarini muhokama qildi. Bu haqda Oʻzbekiston Taʼlim va fan vazirligi xabar berdi.
Ishtirokchilar bunday taʼlimni moliyalashtirishning nemis modeli, korxonalarni qoʻllab-quvvatlash choralari, bitiruvchilarni ishga joylashtirish hamda universitetlarning ish beruvchilar bilan hamkorligini koʻrib chiqdi. Xorijlik ekspertlar koʻnikmalari mehnat bozori talablariga mos keladigan mutaxassislarni tayyorlash tajribasi bilan oʻrtoqlashdi.
Andijondagi dual taʼlim modeliga va uni mamlakatning boshqa hududlariga yoyish imkoniyatlariga alohida eʼtibor qaratildi. Shu bilan birga, tizimni viloyatlarning iqtisodiy xususiyatlari va mahalliy korxonalar ehtiyojlariga moslashtirish rejalashtirilmoqda.
Dual taʼlim talabalarning taʼlim muassasasidagi mashgʻulotlarni korxonadagi amaliy ish bilan birga olib borishini nazarda tutadi. Bunday model kasbiy koʻnikmalarni hali oʻqish davomidayoq egallash va kelajakda ishga joylashishga yaxshiroq tayyorlanish imkonini beradi.





