Nissan ananas barglari tolalaridan avtomobil kuzov panellarini ishlab chiqdi
Yaponiyaning Nissan kompaniyasi FOOD REBORN bilan hamkorlikda avtomobil kuzov panellari uchun yangi kompozit material ishlab chiqdi. Uning asosini odatda qishloq xoʻjaligi chiqindisi sifatida qolib ketadigan ananas barglaridan olingan tolalar tashkil etadi.

Texnologiya tolalarni ajratib olish, ularni yassi ipga qayta ishlash va keyinchalik mato tayyorlashni nazarda tutadi. Ushbu mato tolalar bilan mustahkamlangan plastik yaratishda qoʻllanadi. Nissan kompaniyasining ichki sinovlari natijalariga koʻra, yangi material anʼanaviy zigʻir tolalari asosidagi kompozitlarga qaraganda choʻzilishga nisbatan yuqoriroq mustahkamlikka ega.
Kompaniya ushbu ishlanmani qoʻllashning istiqbolli yoʻnalishlaridan biri sifatida avtosportni koʻrsatmoqda. Ayrim poyga toifalarida seriyali avtomobillarning tashqi kuzov panellari oʻzgartirilganda faqat tabiiy tolalar bilan mustahkamlangan plastiklardan foydalanishga ruxsat beriladi. Bunda bunday materiallarni yetkazib beruvchilar tanlovi cheklangan, ularni xarid qilish esa jamoalarga qimmatga tushadi.
Nissan yangi texnologiya bunday materiallardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishga yordam beradi, deb umid qilmoqda. Kompaniya, shuningdek, tolalar, mato va oraliq kompozit material tayyorlash boʻyicha ishlab chiqarish ishlanmalarini hamkoriga topshirdi.
Kelgusida material nafaqat avtomobilsozlikda, balki sport anjomlari ishlab chiqarishda ham qoʻllanishi mumkin.





