Oʻzbekiston va Iordaniya oʻrtasida strategik sheriklik oʻrnatildi
Ammanda Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Iordaniya qiroli Abdulla II ibn al-Husayn ishtirokida 19 ta ikki tomonlama hujjat almashildi.
Hujjatlar paketiga hamkorlikni mustahkamlash toʻgʻrisidagi qoʻshma bayonot hamda mamlakatlar oʻrtasida strategik sheriklik munosabatlarini oʻrnatish haqidagi bitim kirdi.
Tomonlar imtiyozli savdo, jinoyat ishlari boʻyicha huquqiy yordam, energetika, suv resurslarini boshqarish, atrof-muhitni muhofaza qilish, madaniyat va kreativ industriyalar boʻyicha hujjatlarni ham imzoladi. Alohida kelishuvlar raqamlashtirish, geologiya, qurilish, tibbiyot, oziq-ovqat mahsulotlari va dori vositalari ustidan nazorat, shuningdek chorvachilikka taalluqli.
Toshkent va Amman hamkorlik toʻgʻrisidagi bitimlarni, Samarqand esa Petra turizm hududi bilan hamkorlik kelishuvlarini almashdi.





