«Men katta kurashga tayyorman»: Javohir Sindarov jahon toji uchun matchga qanday tayyorlandi
Jahon chempioni unvoni uchun matchning ilk partiyasi oldidan Javohir Sindarov FIDEʼga tayyorgarligi, murabbiy bilan ishlashi va yaqinlarining qoʻllab-quvvatlashi haqida soʻzlab berdi.

Match boshlanishidan oldin Sindarov Gukeshga qarshi bahsga tayyorgarligi haqida gapirdi. Nomzodlar turniridagi gʻalabasidan soʻng u uzoq tayyorgarlik koʻrishni rejalashtirgandi, biroq tigʻiz jadval sabab buning uchun bir-ikki oy vaqt qoldi.
Shaxmatchi koʻplab turnirlarda qatnashganini jamoa strategiyasining bir qismi deb atadi: unga yuqori darajadagi musobaqalarda tajriba orttirish kerak edi. Shu bilan birga, u Gukesh avgust oyidan beri faqat bitta turnir — Olimpiadada — oʻynaganini va boshqa yondashuvni tanlaganini taʼkidladi.
Sindarov murabbiyi Roman Vidonyak bilan kuniga yetti-sakkiz soatdan shugʻullanadi. Bunday mashgʻulot kunlari qariyb 100 tani tashkil etdi. Shaxmatchining soʻzlariga koʻra, bu mehnat unga oʻziga ishonchliroq boʻlishga yordam bergan. U norozi qolgan «Katta Shveytsariya» turniriga tayyorgarlik esa keyinchalik, Sindarovning fikricha, 2025 yil noyabrida FIDE jahon kubogida gʻalaba qozonishiga yordam bergan.
2026 yilda grossmeyster qariyb 50−60 ta partiya oʻynadi va klassik shaxmatda uch bor magʻlub boʻldi: ikki marta Rameshbabu Praggnanandhadan, bir marta esa Uesli Sodan. Muvaffaqiyatsizliklardan soʻng u murabbiyi bilan nafaqat taxta oldidagi xatolarni, balki tayyorgarlik va uyqu sifatini ham tahlil qiladi.
Jenevada Sindarovga Nikita Vityugov, Muxiddin Madaminov va Roman Vidonyak hamrohlik qilmoqda. Uning yonida Bibisara Asaubayeva ham bor. Shaxmatchi bobosiga alohida oʻrin ajratib, uni chempionlik unvoni uchun matchgacha boʻlgan yoʻlini belgilagan asosiy sabablardan biri deb atadi.





