Buffett indikatori dotkomlar pufagi darajasidan 70 punktdan koʻproqqa oshdi
AQSh fond bozorining umumiy qiymatini mamlakat iqtisodiyoti hajmi bilan taqqoslaydigan koʻrsatkich 222 foizga yetdi. Bu 2000-yilda texnologiyalar bozoridagi qulashdan oldin qayd etilgan darajadan ancha yuqori.

Buffett indikatori ommaviy savdoga chiqarilgan AQSh kompaniyalarining umumiy bozor qiymatining mamlakat yalpi ichki mahsulotiga nisbatidan iborat. The Motley Fool maʼlumotlariga koʻra, hozir bu koʻrsatkich 222 foizni tashkil etmoqda, dotkomlar bumining 2000-yil bahoridagi choʻqqisida esa u 150 foizdan biroz past boʻlgan.
Koʻrsatkichning yuqori qiymatlari aksiyalar qiymati oshirib yuborilganiga, uzoq muddatli istiqbolda investitsiyalar daromadliligi esa pastroq boʻlishi mumkinligiga ishora qilishi mumkin. JPMorgan Asset Management bahosiga koʻra, yirik kompaniyalarning AQSh aksiyalari kelgusi 10–15 yil davomida yiliga oʻrtacha 7,5 foiz daromad keltirishi mumkin. Taqqoslash uchun, bundan oldingi oʻn yillikda ularning yillik oʻrtacha daromadliligi 14,7 foizni tashkil etgan.
Shu bilan birga, indikator AQSh kompaniyalarining xorijdagi tushumlarini hisobga olmaydi, bu esa bozor bahosining oshirib koʻrsatilishiga olib kelishi mumkin. Maqola muallifi, shuningdek, moliya bozorlarini qoʻllab-quvvatlayotgan pul massasining oʻsishi va AQSh davlat qarzining oʻsishiga eʼtibor qaratadi.
Ekspert investorlarga diversifikatsiyalangan portfellarni saqlashni va bozor qulashining qachon yuz berishini oldindan aniqlashga urinmaslikni tavsiya qiladi.





