Oʻzbekiston va Iordaniya tovar ayirboshlashni 500 million dollargacha oshirishga kelishdi
Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Iordaniya qiroli Abdulla II ibn al-Husayn munosabatlarni strategik sheriklik darajasiga olib chiqib, tovar ayirboshlashni 500 million dollarga yetkazishga kelishdi.

Uchrashuv «Al-Husayniya» saroyida ikki mamlakat rasmiy delegatsiyalari ishtirokida boʻlib oʻtdi. Hamkorlikning ustuvor yoʻnalishlari qatoriga savdo, investitsiyalar, transport va logistika, konchilik sanoati, qishloq xoʻjaligi, toʻqimachilik, sogʻliqni saqlash hamda farmatsevtika kiritildi.
Tomonlar imtiyozli savdo toʻgʻrisidagi bitimni imzolash masalasini ham muhokama qildi. Ular oliy darajada erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish uchun keng qamrovli «yoʻl xaritasi»ni qabul qilishga kelishib oldi.
Madaniy-gumanitar aloqalarga ham alohida eʼtibor qaratildi. Ular qatoridan madaniyat va sanʼat haftaliklarini oʻtkazish, diniy-maʼrifiy sohada tajriba almashish, turistik almashinuvlarni kengaytirish hamda ikki mamlakat qadimiy shaharlari oʻrtasida birodarlik aloqalarini oʻrnatish oʻrin oldi.
Muzokaralar yakunida Mirziyoyev Abdulla II ni Oʻzbekistonga tashrif buyurishga taklif qildi.





