FT: AQSh Rossiya bilan biznes kelishuvlari boʻyicha muzokaralarni toʻxtatib turdi
Vashington Ukrainadagi mojaroni tartibga solish jarayonining bir qismiga aylanishi mumkin boʻlgan Moskva bilan tijoriy kelishuvlarni muhokama qilishni noaniq muddatga qoldirdi. Bu haqda Financial Times manbalarga tayanib xabar berdi.

Nashr maʼlumotlariga koʻra, Donald Trampning maxsus vakillari Stiv Uitkoff va Jared Kushner yevropalik vakillarga biznes kelishuvlari AQShning Rossiya bilan muzokaralarga yondashuvida endi markaziy oʻrin tutmasligini bildirgan.
Avvalroq Vashington Amerikaning Rossiya neft sohasiga va titan ishlab chiqarishga sarmoya kiritishi, shuningdek, aviatsiya sohasida hamkorlik qilish imkoniyatini oʻrganayotgan edi. Dastlab Moskva bu takliflarni ijobiy qabul qilgan, biroq keyinchalik ularga qiziqishi pasaygan, deb yozadi FT.
Oktyabr oxirida Tramp urush tugaganidan soʻng AQSh Rossiya va Ukraina bilan biznes aloqalarini qayta tiklashi mumkinligini aytgandi. U Vashington tomonlar kelishuv tuzadigan, shundan keyin esa har ikki davlat bilan biznes yuritiladigan vaziyatga qaytishni istashini bildirgan.





