Tesla sobiq muhandisi AI «soxta ish oʻrinlari»ni koʻpaytiradi, deb hisoblaydi
Morph asoschisi va Tesla sobiq muhandisi Tejas Bhakta AI ommaviy ishsizlikka olib kelmay, rasmiy ish oʻrinlari sonini oshiradi, deb hisoblaydi.

MTS Liveʼga bergan intervyusida Bhakta sunʼiy intellektning rivojlanishi, ehtimol, bandlikning ommaviy qisqarishiga olib kelmasligini aytdi. Uning fikricha, kompaniyalar ish qilinayotgandek koʻrinishni saqlash uchun asosan mavjud boʻladigan ish oʻrinlarini yanada koʻproq yarata boshlaydi.
Bhakta — AI uchun infratuzilma ishlab chiqayotgan Morph startapining asoschisi. Kompaniya Y Combinatorʼning 2023 yilgi yozgi dasturiga qabul qilingan. Uning bahosi Anthropic bosh direktori Dario Amodeining pessimistroq prognozidan farq qiladi: Amodei 2025 yil may oyida AI ofis kasblaridagi boshlangʻich darajadagi ish oʻrinlarining 50 foizini yoʻq qilishi mumkinligidan ogohlantirgandi. 2026 yilda AI kompaniyalari rahbarlari ishga yollashning yangi oʻsish davri boshlanishi mumkinligi haqida gapira boshladi.
Bhakta bunday oʻsishni koʻproq kutmoqda, biroq uni ijobiy natija deb hisoblamaydi. Uning fikricha, iqtisodiyotda aslida ularsiz ham boʻladigan lavozimlar allaqachon koʻp. Teslaʼning sobiq muhandisi misol sifatida xarid boʻlimlari xodimlarini keltirdi: ular amaliy qiymatga ega boʻlmagan hujjatlarni tayyorlaydi.
Bhakta bahosiga koʻra, internetdagi ish oʻrinlarining qariyb 40 foizi amalda foydali faoliyat bilan bogʻliq emas. Uning hisoblashicha, AI bunday byurokratiya koʻlamini oshirishi mumkin, biroq bunday lavozimlar norasmiy ijtimoiy himoya vositasi sifatida saqlanib qoladi. Uning versiyasiga koʻra, ular odamlar daromadini saqlab turishga va murakkabroq vazifalarni umumiy sunʼiy intellekt tizimlari bajarayotgan bir paytda AQSh iqtisodiyotida jiddiy izdan chiqishning oldini olishga yordam beradi.





