Jensen Huangning NVIDIA kompaniyasiga maktubi: kompaniyaga B rejasi kerak emas
NVIDIA bosh direktori lavozimiga qaytganidan soʻng Jensen Huang, xabarlarga koʻra, hamkasblariga vorislikni rejalashtirishga ishonmasligini aytgan: bunday reja ayrim rahbarlarni boshqalaridan ajratib koʻrsatgan boʻlardi, deb yozadi Business Insider.

Huang NVIDIA rahbariyatiga isteʼfoga chiqishi eʼlon qilinganidan 11 kun oʻtib qaytdi. Direktorlar kengashi bu qarorni uning ochiq gapirgani hamda AQSh hukumatining yuqori lavozimli vakillaridan olingan fikrlar bilan izohladi.
S&P Global Ratings NVIDIA kompaniyasining AA kredit reytingini pasaytirish ehtimoli bilan qayta koʻrib chiqishga qoʻydi. Agentlik korporativ boshqaruv muammolari saqlanib qolmoqda, degan xulosaga kelsa, 90 kun ichida qaror qabul qilishi mumkin. S&P bahosiga koʻra, rahbariyat ustidan nazoratning sustligi va vorislik rejasining yoʻqligi kompaniyaning yagona rahbarga qaramligi xavfini kuchaytirgan.
Mutaxassislar bosh direktor almashinuviga tayyorgarlik koʻrishni direktorlar kengashining vazifasi deb hisoblaydi. Huangning qariyb 60 nafar bevosita boʻysunuvchisi bor. U bunday tuzilmani axborotning tez almashinuvi va xodimlar vakolatlarining kengayishi bilan bogʻlagan, biroq maslahatchilar ayrim yoʻnalishlar rahbarlarida butun kompaniyani boshqarish tajribasi boʻlmasligi mumkin, deb hisoblaydi.





