AQSh razvedka idoralari buzib kirildi: hodisaning yangi tafsilotlari
The New York Times xabariga koʻra, CIA va AQShning kamida yana ikki razvedka idorasiga kiberhujum uyushtirildi. Maxfiy boʻlmagan tizimlarga kirilgan, qaysi maʼlumotlar zararlangani nomaʼlum.

Hujum AQSh Milliy geofazoviy razvedka agentligi va Milliy razvedka direktori devoniga taʼsir qilgan. Buzib kirganlar ochiq manbalardan olingan maʼlumotlarni tahlil qilish tizimiga kirish huquqini qoʻlga kiritgan. NYT suhbatdoshlariga koʻra, maxfiy materiallar zarar koʻrmagan, muammo esa allaqachon bartaraf etilgan. Milliy razvedka direktori devoni vakili hayotiy muhim va maxfiy tizimlar buzilmaganini aytdi. Buzib kirish hodisa ommaga oshkor qilinishidan bir necha hafta oldin sodir boʻlgan.
Nashr manbalariga koʻra, hujum uchun tizimlar himoyalanganligini tekshirishga moʻljallangan ARTEX platformasidan foydalanilgan. U 2026 yil iyulida GitHubʼga joylashtirilgan. Platforma zaifliklarni izlashda sunʼiy intellektdan foydalanadi, biroq xakerlar uni hujumlar uchun moslashtirgan. Oktabrda dastlabki repozitoriy yopilgan, ammo nusxalar tarqalishda davom etgan.
FQB 13 noyabr kuni tahdid haqida ogohlantirdi. Idora maʼlumotiga koʻra, ARTEX davlat muassasalari, moliyaviy va texnologik kompaniyalarga qarshi kamida 2026 yil avgustidan beri qoʻllanmoqda. Ayrim hollarda yuqori darajadagi kirish huquqi uch soatdan kam vaqt ichida qoʻlga kiritilgan. Hujum ortida kim turgani aniqlanmagan. Ayrim belgilar Xitoy bilan aloqaga ishora qilishi mumkin, biroq bu taxmin rasman tasdiqlanmagan.





