Oʻzbekgidroenergo va YeTB strategik hamkorlikning “yoʻl xaritasi”ni ishlab chiqadi
Toshkentda tomonlar hamkorlikning “yoʻl xaritasi”ni ishlab chiqishga kelishib oldi va memorandum imzoladi. Kompaniya qariyb 3,7 mlrd dollarlik gidroenergetika loyihalarini rejalashtirmoqda.

Oʻzbekgidroenergo AJ xabariga koʻra, hujjat Yevrosiyo taraqqiyot banki (YeTB) bilan uzoq muddatli hamkorlik yoʻnalishlarini belgilashi kerak. U davlat kafolatlarisiz loyihalarni moliyalashtirish va texnik yordam mablagʻlarini jalb etishni ham oʻz ichiga oladi.
Kompaniya boshqaruvi raisi Islom Abdurahmonov jamiyatning investitsiya dasturlarini taqdim etdi. Oʻzbekiston prezidentining 2026-yil 1-maydagi qarorida uning tarkibiga kiruvchi GESlarning oʻrnatilgan quvvatini 5538 MVt gacha oshirish koʻzda tutilgan. Dastur yangi stansiyalar qurish, amaldagi stansiyalarni modernizatsiya qilish va yirik gidroakkumulyatsion elektr stansiyalarini barpo etishni oʻz ichiga oladi.
Uchrashuvda Pskem va Chorvoq GESlarini moliyalashtirish, Yuqori Toʻpalang hududini oʻzlashtirish hamda “YFK-5” loyihasi muhokama qilindi. YeTB moliyaviy maslahatchi, anderrayter va investor sifatida ham ishtirok etishi mumkin.
YeTB boshqaruvi raisi Nikolay Podguzov 2031-yilgacha Oʻzbekiston iqtisodiyotiga 3 mlrd dollargacha investitsiya yoʻnaltirish rejalari haqida maʼlum qildi. Tomonlar, shuningdek, uskunalar xaridini savdo orqali moliyalashtirish va texnik-iqtisodiy asoslarni tayyorlash uchun grantlar masalasini alohida koʻrib chiqdi.





