Kim Chen In KXDRning yadro salohiyatini oshirish haqida gapirdi
KXDR rahbari yadro materiallari ishlab chiqaradigan korxonalarga tashrif buyurib, arsenalni son va sifat jihatidan oshirish rejalari haqida maʼlum qildi, deb xabar bermoqda Koreya markaziy telegraf agentligi (TsTAK).

Shimoliy Koreya rahbari yadro materiallari ishlab chiqaradigan korxonalar hamda yadro qurollarini ishlab chiqish bilan shugʻullanuvchi ilmiy-tadqiqot institutiga tashrif buyurdi. 25 noyabrdagi tashrifi chogʻida u ushbu obyektlar faoliyati natijalari bilan tanishdi va ularning ishlab chiqarish imkoniyatlarini kengaytirishga chaqirdi.
Shimoliy Koreya davlat agentligi maʼlumotlariga koʻra, mamlakat rahbari yadro materiallari ishlab chiqarish muntazam ravishda oshib borayotganini taʼkidladi. Shuningdek, u turli harbiy vazifalarni bajarish uchun taktik yadro qurolidan kengroq foydalanish zarurligini bildirdi.
Kim Chen In KXDRning yadro davlati sifatidagi maqomini “mutlaqo oʻzgarmas” deb atadi.




