Marsda gʻayrioddiy narsa topildi: olimlar uning qanday paydo boʻlganini tushuntira olmayapti
Daedaliya tekisligida bir tekis egilgan yirik toshlar qatorlari aniqlandi. ScienceAlert manbasiga tayanib Tengri Life yozishicha, barmoq iziga oʻxshash naqsh qanday shakllanganini olimlar hozircha aniqlay olishmagan.

Bu qatorlar Mars ekvatoridan uzoq boʻlmagan, Farsida vulqonli hududining baland togʻli qismidagi Daedaliya tekisligida payqalgan. Ularni NASAning Mars Reconnaissance Orbiter orbital apparatiga oʻrnatilgan HiRISE kamerasi 2024-yil avgustida tasvirga olgan.
Taxminan 5 ga 15 kilometr oʻlchamdagi hududda uzun, egri chiziqlar boʻylab tizilgan och rangli yirik toshlar koʻrinadi. Qatorlar orasidagi masofa 5 metrdan 10 metrgacha. AQSh Geologiya xizmati sayyorashunosi Pol Gayslerning taʼkidlashicha, Marsning boshqa joylarida bunday tuzilmalar topilmagan.
Mumkin boʻlgan izohlardan biri saralangan strukturali tuproq bilan bogʻliq. Yerda bunday tuzilmalar sovuq hududlarda muzlash va erishning takroriy sikllari tufayli paydo boʻladi: yirik toshlar tuproqning maydaroq zarralaridan asta-sekin ajralib chiqadi. Shunga oʻxshash jarayon Daedaliyaning balandliklarida ham kechayotgan boʻlishi mumkin.
Boshqa bir taxmin seysmik tebranishlar taʼsirini nazarda tutadi. Tuproq silkitilganda, yirik toshlar maydalariga nisbatan yuqoriga koʻtarilishi mumkin — bu Braziliya yongʻogʻi effekti bilan oʻxshash. Biroq hozircha gipotezalarning hech biri tasdiqlanmagan.





