Oʻzbekistonda goʻsht ishlab chiqarishni 400 ming tonnaga oshirish rejalashtirilmoqda
Bunga chorva zotlarini yaxshilash, ozuqa bazasini rivojlantirish va chorvachilikda zamonaviy texnologiyalarni joriy etish hisobidan erishish rejalashtirilmoqda.
Oʻzbekistonda qoʻshimcha 400 ming tonna goʻsht ishlab chiqarish uchun sharoit yaratish moʻljallanmoqda. Bu choralar 25 noyabr kuni chorvachilikni rivojlantirishga bagʻishlangan, prezident Shavkat Mirziyoyevga taqdim etilgan prezentatsiyada muhokama qilindi.
Asosiy vazifalardan biri — ozuqa ishlab chiqarishni koʻpaytirish. Hozirda ozuqa xoʻjaliklar ehtiyojini toʻliq taʼminlash uchun yetarli emas, goʻsht tannarxining qariyb 30 foizini esa ozuqa xarajatlari tashkil etadi. 2030 yilgacha ozuqa ishlab chiqarish hajmini hozirgi 48 mln tonnadan 90 mln tonnaga yetkazish rejalashtirilmoqda.
Shuningdek, 100 dan ortiq ozuqa markazini tashkil etish, yaylovlarni yaxshilash va ozuqabop ekinlarni yetishtirishni rivojlantirish koʻzda tutilmoqda. Chorva mahsuldorligini oshirish uchun sunʼiy urugʻlantirish va zamonaviy seleksiya usullaridan kengroq foydalanish rejalashtirilgan.
Natijada qoramollarning soʻyishga yuborilishidan oldingi tirik vaznini hozirgi 250–350 kilogrammdan 450–550 kilogrammgacha oshirish rejalashtirilmoqda. Mutaxassislar hisob-kitoblariga koʻra, bu qoʻshimcha 400 ming tonna goʻsht ishlab chiqarish imkonini beradi.
Bundan tashqari, 2027 yildan boshlab Qashqadaryo viloyatida tajriba tariqasida aholining uy chorvasi uchun ozuqa sotib olish xarajatlarining 10 foizini qoplash taklif etildi.





