Qozogʻiston «yashil» elektr energiyasini Ozarbayjon orqali Yevropaga eksport qilishni rejalashtirmoqda
Qozogʻiston Kaspiy dengizi tubidan oʻtkazilishi rejalashtirilayotgan kabel orqali Ozarbayjon orqali Yevropaga «yashil» elektr energiyasini yetkazib berishni rejalashtirmoqda, deb xabar beradi Interfax.

Qozogʻistonning Ozarbayjondagi elchisi Alim Bayel loyiha doirasiga Oʻzbekiston va Ozarbayjon ham qoʻshilganini maʼlum qildi. Uning soʻzlariga koʻra, chuqur suv osti kabeli ustidagi ishlar allaqachon boshlangan. Kabel Markaziy Osiyodan Ozarbayjon orqali Yevropaga elektr energiyasini uzatishi va Kaspiy hamda Qora dengizlar orqali oʻtadigan energetika koʻprigining bir qismiga aylanishi kerak.
Avvalroq Ozarbayjon energetika vaziri Parviz Shahbazov «Markaziy Osiyo — Ozarbayjon» «yashil» energiya koridorini 2032 yilda ishga tushirishni rejalashtirayotganlarini aytgandi. Qozogʻiston, Oʻzbekiston va Ozarbayjon bunday energiyani rivojlantirish va uzatish boʻyicha hamkorlik toʻgʻrisidagi kelishuvni 2024 yil 13 noyabrda imzolagan.
Loyihani amalga oshirish uchun uch mamlakat energetika tizimlari operatorlari Green Corridor Alliance qoʻshma korxonasini tashkil etdi. Uning tarkibiga «Azərenerji», Qozogʻistonning KEGOC kompaniyasi va «Oʻzbekiston Milliy elektr tarmoqlari» AJ kirdi. Bayel, shuningdek, Qozogʻiston ichki ehtiyojlarni taʼminlash va eksport qilish uchun elektr energiyasi ishlab chiqarishni oshirishni rejalashtirayotganini, elektr stansiyalari qurilishi esa milliardlab dollar investitsiyalarni talab qilishini aytdi.





