Oʻzbekistonda poyabzalni majburiy raqamli markalash taklif qilindi
Soliq qoʻmitasi poyabzal va elektr transformatorlarini markalashni taklif qildi: tajriba 2027-yil 1-yanvardan boshlanadi, talab 2028-yil 1-yanvardan majburiy boʻlishi mumkin.

Qaror loyihasi normativ-huquqiy hujjatlar muhokamasi portalida eʼlon qilindi. U poyabzalning asosiy turlariga — charm, toʻqimachilik, rezina va plastmassadan tayyorlangan poyabzalga, shuningdek tegishli toifaga kiruvchi oʻzgartirgichlar, toʻgʻrilagichlar va boshqa qurilmalarga tatbiq etiladi.
Ishlab chiqaruvchilar va importyorlarga markalanmagan mahsulot qoldiqlarini 2028-yil aprel oyigacha, ulgurji sotuvchilarga iyulgacha, chakana doʻkonlarga esa oktabrgacha sotishga ruxsat beriladi. Oʻtish davri tugagach, bunday mahsulotlarni sotish taqiqlanadi.
Elektr akkumulyatorlari boʻyicha ham alohida oʻzgarishlar taklif qilinmoqda. Ularni raqamli kodlarsiz ishlab chiqarishni taqiqlash, importyorlarni esa kodlarni bojxona deklaratsiyalarida koʻrsatishga majbur qilish rejalashtirilgan. Bozor ishtirokchilariga qoldiqlarni sotish uchun vaqt beriladi; ularni ixtiyoriy va bepul markalash ham koʻzda tutilgan.
Hozircha hujjat jamoatchilik muhokamasidan oʻtmoqda va qabul qilinmagan. Shu sababli muddatlar hamda talablar oʻzgarishi mumkin.





