Oʻzbekistonning sport tajribasi Kanada va Kosta-Rika mutaxassislarida qiziqish uygʻotdi
Kanada va Kosta-Rikadan kelgan yakkakurash mutaxassislari Oʻzbekistonning sport tizimi va milliy kurash turlariga yuqori baho berdi.

Chet elliklarni oʻzbek yakkakurashlari bilan tanishtirishga «Turon» xalqaro federatsiyasi yordam bermoqda. Federatsiya 2025-yilda Oʻzbekistonning Nyu-Yorkdagi bosh konsulxonasi koʻmagida Kanada, Lotin Amerikasi va boshqa mintaqalardagi sportchilar bilan aloqalar oʻrnatish maqsadida tashkil etilgan.
Kanadalik Enrike Matute federatsiya ijroiya qoʻmitasi tarkibiga kiradi. U 2025 va 2026-yillarda Oʻzbekistonga kelib, sport taʼlim muassasalarida boʻldi, bu yerda sportchilar qanday tayyorlanishi va xalqaro turnirlar qanday oʻtkazilishini oʻrgandi. Toshkentda u dzyudo musobaqalarini, 2026-yil iyun oyida esa «Turon» milliy jang sanʼati boʻyicha jahon kubogini tomosha qildi. Matute koʻp yillardan beri dzyudo, sambo va boshqa yakkakurash turlari bilan shugʻullanadi. Unda eng katta taassurot qoldirgan jihatlar zamonaviy arenalar, murabbiylar saviyasi, sport tibbiyotining rivojlangani va har bir sportchi bilan individual ishlash boʻldi. Endi u «Turon»ni Kanadada rivojlantirib, yoshlarni nafaqat jismonan, balki maʼnan ham tarbiyalashni istaydi.
Kosta-Rikadan boʻlgan, dzyudo boʻyicha IV dan sohibi va kurash boʻyicha xalqaro murabbiylik malakasiga ega Luis Enrike Bogantes ham oʻzbek kurashining tarbiyaviy rolini taʼkidlaydi. Uning soʻzlariga koʻra, kurash intizom, masʼuliyat va boshqalarga hurmatni oʻrgatadi. Bogantes bunday yoʻnalishlarni oʻz mamlakatining taʼlim va yoshlar dasturlariga kiritish mumkin, deb hisoblaydi.





